SURUNKALI BUYRAK YETISHMOVCHILIGIDA ESHITISH BUZILISHLARI BILAN BOG‘LIQ IMMUNOLOGIK KO‘RSATKICHLAR
- Информация о материале
- Категория: 2026 год
«Инфекция, иммунитет и фармакология» · № 5/2026 · с. 81–86
Nabieva Djamila Malikovna
Toshkent davlat tibbiyot universiteti
Annotatsiya
Surunkali buyrak yetishmovchiligi (SBY) organizmda metabolik, gemodinamik va immunologik o‘zgarishlar bilan kechadigan tizimli patologik holat bo‘lib, ushbu jarayonlar turli a’zolar, jumladan eshitish analizatori faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. So‘nggi yillarda SBY bilan og‘rigan bemorlarda sensorinevral eshitish pasayishining rivojlanishida surunkali yallig‘lanish va immunologik disbalansning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tadqiqot SBY bo‘lgan bemorlarda immunologik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishi va ularning eshitish funksiyasi buzilishi bilan bog‘liqligini baholashga bag‘ishlangan. Tadqiqotga 102 nafar bemor kiritilib, ulardan 34 nafari konservativ davolanishda, 34 nafari dasturiy gemodializda va 34 nafari peritoneal dializda bo‘lgan. Nazorat guruhini 30 nafar amaliy sog‘lom shaxs tashkil etdi. Bemorlarda kompleks audiologik tekshiruvlar o‘tkazilib, IL-1β, IL-6, TNF-α, IL-10, immunoglobulinlar, C-reaktiv oqsil va oksidlovchi stress markerlari aniqlandi. Tadqiqot natijalari SBY bo‘lgan bemorlarda proyallig‘lanish sitokinlari darajasining oshishini, eng yuqori ko‘rsatkichlar esa gemodializ olayotgan bemorlarda kuzatilishini ko‘rsatdi. Ushbu guruhda IL1β 21,8±4,6 pg/ml, IL-6 28,4±5,2 pg/ml va TNF-α 31,6±5,8 pg/ml ni tashkil etdi. IL-6 darajasi bilan 4000 Hz chastotadagi eshitish bo‘sag‘asi o‘rtasida kuchli musbat korrelyatsiya aniqlandi (r=0,72; p<0,001). Og‘ir yuqori chastotali eshitish pasayishi kuzatilgan bemorlarda IL-1β miqdori yengil eshitish pasayishiga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi (23,1±3,8 va 12,7±2,5 pg/ml; p<0,001). Olingan natijalar SBYda tizimli yallig‘lanish va immunoregulyator disbalans sensorinevral eshitish pasayishining rivojlanishi va og‘irligi bilan bog‘liq ekanligini, ayniqsa gemodializ olayotgan bemorlarda immunologik va audiologik ko‘rsatkichlarni birgalikda baholash muhimligini ko‘rsatadi.
Kalit so‘zlar: surunkali buyrak yetishmovchiligi, sensorinevral eshitish pasayishi, immunologik ko‘rsatkichlar, sitokinlar, IL-1β, IL-6, TNF-α, gemodializ, peritoneal dializ, otoakustik emissiya.